YAPONIYANING MARKAZIY OSIYODAGI TASHQI SIYOSATI: ASOSIY BOSQICHLARI VA RIVOJLANISH TENDENSIYALARI
##article.subject##:
xalqaro hamkorlik, investitsiyalar, resurslar diplomatiyasi, strategik sheriklik, global tendensiyalar##article.abstract##
Mazkur maqolada Yaponiyaning Markaziy Osiyodagi tashqi siyosatining shakllanishi va rivojlanishining asosiy bosqichlari tahlil qilinadi. Yaponiya Markaziy Osiyoga yagona hudud sifatida yondashgan birinchi davlat bo‘lib, bu mintaqadagi muammolarni birgalikda hal qilish zarurligini ilgari surgan. Biroq, shunga qaramay, Tokioning mintaqadagi diplomatik faolligi boshqa
davlatlarnikiga qaraganda unchalik yuqori bo‘lmagan. Bu holat bir necha omillar bilan izohlanadi: geografik jihatdan uzoqlik, Yaponiyaning boshqa tashqi siyosiy ustuvor yo‘nalishlari hamda Markaziy Osiyodagi investitsion va siyosiy tavakkalchiliklarning yuqoriligi. Yaponiyaning Markaziy Osiyoga nisbatan tashqi siyosati dastlabki befarqlikdan boshlab iqtisodiyot, xavfsizlik va
gumanitar hamkorlik kabi asosiy sohalardagi faol sheriklikka qadar rivojlandi. Yaponiyaning Markaziy Osiyo bo‘yicha tashqi siyosatining jadallik kasb etganini 2004-yil avgustida yo‘lga qo‘yilgan «Markaziy Osiyo plyus Yaponiya» deb nomlangan olti tomonlama hamkorlik formati yaqqol namoyon etadi. Maqolada ushbu formatning maqsadlari, tamoyillari va ishlash mexanizmlari, shuningdek, u mintaqada siyosiy muloqot, iqtisodiy hamkorlik va barqarorlikni mustahkamlashdagi o‘rni tahlil qilingan. Yaponiyaning eng katta iqtisodiy qiziqish bildirayotgan mamlakatlari qatorida tabiiy boyliklarga ega va salmoqli inson kapitaliga ega bo‘lgan Qozog‘iston, O‘zbekiston va Turkmaniston alohida ta’kidlanadi. Yaponiyaning bu mamlakatlar bilan iqtisodiy hamkorligining xususiyatlari, xususan, investitsion loyihalar, infratuzilma va energetika sohalaridagi hamkorlik ko‘rib chiqiladi. Ayniqsa, Yaponiya va O‘zbekiston o‘rtasidagi savdo aloqalarining o‘ziga xos jihatlariga e’tibor qaratilgan. Dengizga chiqish yo‘li bo‘lmagan O‘zbekiston tabiiy gazni faqat quvurlar orqali eksport qiladi. Shunga qaramay, mamlakatdagi uran
va noyob metallar zaxiralari yapon investitsiyalarini jalb qilmoqda. O‘zbekiston, shuningdek, Yaponiya bozoriga paxta va boshqa qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetkazib beradi, Yaponiya esa o‘z navbatida mashinalar, uskunalar, elektronika va tibbiy texnikalarni eksport qiladi. Umuman olganda, Yaponiya diplomatiyasi Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan muntazam siyosiy muloqotni yo‘lga qo‘ya oldi va mintaqada ijobiy obro‘ga ega bo‘ldi. Yaponiya Markaziy Osiyoda “yumshoq kuch” siyosatini samarali ilgari surayotgan davlat sifatida tanildi. Bu kuch asosan ta’lim, ilm-fan, ekologiya va qishloq xo‘jaligini rivojlantirish sohalarida amalga oshirilayotgan loyihalar orqali namoyon bo‘lmoqda.